O‘zbekistonda rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, natijalarni tahlil qilish va ko‘rsatkichlarning bajarilmasligi xavfining oldini olish bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun ekspert guruhlari tashkil etiladi. Bu haqda Norma portali xabar bermoqda.

Shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan ishlab chiqiladigan KPIlarni davlat ilmiy markazlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar xodimlarini jalb qilgan holda ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Ijro etuvchi organlar va birlashmalarning o‘zida jamoatchilik asosida ekspert guruhlari tuziladi.

Quyidagilar ekspert guruhlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va davlat dasturlarida nazarda tutilgan maqsadlar, ularning o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek, tegishli sohalardagi tizimli muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilganligi va moliyalashtirish manbalari mavjudligini hisobga olgan holda KPI ishlab chiqish;
  • KPI bajarilishini doimiy nazorat qilish va ularning bajarilmaslik xatarlarini kamaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • byudjet mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga KPI muvofiqligini hisobga olish, shuningdek, ularning bajarilishi natijalarini muntazam tahlil qilish.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining «Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda davlat xizmatchilarini birinchi ishga qabul qilishda IQ darajasi tekshiriladi. Faqat ish boshlayotgan amaldorlarga bir yillik shartnomalar beriladi, ular ish natijalari tahlil qilingandan keyingina uzaytiriladi.