Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qo‘zixonova 9-11-iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga xizmat safari doirasida O‘zbekiston tumanida aholi bilan uchrashib, dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘rganishlar davomida tumandagi ayrim mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq muammolar mavjudligi aniqlandi. Masalan, “Kichik Oqmachit” mahallasi aholisining Olmazor ko‘chasida harakatlanishi uchun zovur ustiga qurilgan 2 ta piyodalar ko‘prigi yaroqsiz holga kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘priklar 1991-yilda qo‘lda taxtalardan qurilgan bo‘lib, hozirda 350 dan ortiq oila a’zolari, jumladan, maktab o‘quvchilari undan foydalanmoqda. Shuningdek, aholi yengil va yuk avtomobillari harakatlanishi uchun zamonaviy ko‘priklarga ehtiyoj borligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Olmazor ko‘chasidagi 160 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan yagona transformator 1991 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 100 ta xonadonga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda transformatorning ortiqcha yuklanishi oqibatida elektr tarmoqlarida tez-tez nosozliklar yuzaga kelib, kuchlanish belgilangan me’yordan pasayib ketayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur muammolar yuzasidan senator Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani hokimi Ravshanbek Begmatovga senator so‘rovi yubordi. So‘rovga ko‘ra, tumanning “Kichik Oqmachit” MFYni Olmazor ko‘chasi bilan bog‘lovchi ko‘priklarni ta’mirlash hamda aholini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar olish ko‘zda tutilgan.