Kobulda hijob o‘rash talablariga rioya qilmagan ayollar ommaviy ravishda hibsga olingani qayd etildi. Bu haqda Kabul now nashri yozmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ezgulik va illatlarning oldini olish vazirligi xodimlari Dasht-e-Barchida va savdo markazlaridan birida reydlar o‘tkazgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qizlar noma’lum tomonga olib ketilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular “Tolibon” harakati hokimiyatga kelganidan keyin joriy etilgan kiyinish qoidalarini buzganlikda ayblangan. 2024-yil avgust oyidan kuchga kirgan “Fazilat va illatlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ayollar jamoat joylarida yuzi va tanasini to‘liq yopib yurishi shart.
2024-yil fevral oyida BMT vakillari Afg‘onistonda ayollarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishidan xavotirda ekanliklarini ma’lum qilib, bunday huquqbuzarliklar tizimli ekanligini bir necha bor ta’kidlagandi.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, ayollar va qizlar politsiya bo‘limlarining to‘lib-toshgan kameralarida ushlab turilgan, ularga kuniga bir marta ovqat berilgan. Qo‘lga olinganlar ko‘pincha jismoniy zo‘ravonlik, tahdid va qo‘rqitishlarga duchor bo‘lgan. Shu bilan birga, ular amalda huquqiy himoya va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatidan mahrum edilar. Ozod qilish erkaklar — oila a’zolari yoki jamoa oqsoqollari tomonidan yozma kafolat berilishiga bog‘liq bo‘lib, ular kiyinish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish majburiyatini olgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Afg‘oniston Islom Amirligini tan olgandi. Harakat hokimiyatga kelganidan beri birinchi marta Afg‘oniston bayrog‘i Moskvadagi elchixona tepasiga ilib qo‘yildi.