19-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda noma’lum tuman paydo bo‘lgani aks etgan videolavhalar paydo bo‘la boshladi. Aholi nafas olish qiyinligidan shikoyat qilib, vaziyatda “Navoiyazot” zavodidan chiqayotgan chiqindilarni ayblagan. Kompaniya va Ekologiya vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

“Navoiyazot”da yozilishicha, sodir bo‘layotgan voqealar zavod bilan bog‘liq emas. Qayd etilishicha, xuddi shunday holat 13-iyul kuni ham qayd etilgan.

“G‘arbiy qismdan (Navoiy xalqaro aeroporti tomonidan) havoga ko‘tarilgan changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘yicha korxona hududi va uning atrofidan o‘tib, shahar bo‘ylab tarqalgan”, — deyiladi xabarda.

Buning tasdig‘i sifatida kompaniya taxminan soat 6:00 va 7:00 oralig‘ida korxona hududidan tutun chiqayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligini nazorat qilish maqsadida No3, No23 va No25 ishlab chiqarish uchastkalarida 3 ta avtomatik gaz analizatori o‘rnatilgan.

Yana ikkita statsionar post sanatoriy-profilaktoriy va kompaniya ma’muriy binosi hududida joylashgan. Bundan tashqari, chiqindilarni ushlab qolish maqsadida 3-sexning donadorlash minorasida bitta skrubber, 23-sexning minorasida esa to‘rtta skrubber o‘rnatilgan.

“Korxona hududi va unga tutash hududlarni nazorat qilish uchun 500 dan ortiq zamonaviy videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan. 120 metr balandlikda o‘rnatilgan va 10−15 km gacha bo‘lgan radiusni qamrab olgan kameralardan olingan videoyozuvlarga ko‘ra, 13 iyul va 19 iyul kunlari sodir bo‘lgan atmosfera ifloslanishi holatlari korxona faoliyati bilan bog‘liq emasligi aniqlandi”, deya ta’kidladi kompaniya.

21-iyul kuni ertalab Navoiy va uning atrofida yana “changsimon tutun” paydo bo‘lishi kuzatildi.

“Voqea korxona faoliyati bilan bog‘liq emasligini isbotlash maqsadida “Navoiyazot” ammiakli selitra ishlab chiqarish sexi hududiga qo‘shimcha kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Videoyozuvlarda changsimon tutun manbai hozirda boshqa sanoat obyektlari joylashgan sobiq Navoiy elektrokimyo zavodi o‘rnida ekanligi aniq ko‘rinib turibdi”, — deyiladi “Navoiyazot” xabarida.

20-iyul kuni kechqurun viloyat ekologiya boshqarmasi 19-iyul kuni soat 7:00 dan 9:00 gacha boshqarmaning tahlil laboratoriyasi va “Navoiyazot” sanitariya laboratoriyasi korxona hududida tahlillar o‘tkazib, atmosfera havosining tarkibini o‘rganganini ma’lum qildi.

Bu davrda “Navoiyazot” va sanoat zonasi atrofidagi atmosferada ammiak miqdori ruxsat etilgan me’yordan 1,4 barobar, vodorod sulfid esa 16,8 barobar oshgan.

Navoiy viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi kuzatuv punktida (Zulfiya ko‘chasi) uglerod oksidi darajasi me’yordan 1,04 baravar, ammiak 1,1 baravar oshgan. Ikkinchi punktda (Memorlar ko‘chasi) ammiak miqdori ruxsat etilgan ko‘rsatkichlardan 1,2 baravar oshdi. Boshqarma havoning ifloslanish sabablarini aniqlash maqsadida “Navoiyazot” korxonasida tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi.