Joriy yilning 12–20-iyul kunlari Xitoyning Urumchi shahrida “Otkir Tigh-2025” xalqaro snayperlar musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Milliy gvardiyasi jamoasi ikkita mashqda rekord natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egalladi:
- kompleks otish: 1200 metrgacha bo‘lgan masofada 7 ta o‘t ochish pozitsiyasidan turli masofada joylashgan 24 ta nishonni yo‘q qilish;
- shahar sharoitida balandlikdan otish: 100 dan 650 metrgacha bo‘lgan masofada 6 ta nishonni urish.
Yakka va ekstremal merganlik kabi boshqa yo‘nalishlarda ham jamoa vakillari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida mahalliy merganlar 8 ta medal, 10 ta diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng murakkab yo‘nalishlarda g‘alaba qozongan jamoa sifatida musobaqalar kubogi sohibiga aylandi.