Rossiyaning Novosibirsk viloyatida O‘zbekistonning ikki fuqarosi giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha sudlandi. Bu haqda “Aspekt” nashri yozmoqda.
2024-yil dekabr oyida erkaklar Barabinsk shahri hududida harakat qilgan. Ijaraga olingan avtomobil yordamida ular yashirin joylar sxemasidan foydalanib, giyohvand moddalarni tarqatishgan.
Ular geroin o‘ramlarini shaharning turli nuqtalariga yashirishgan, fotosuratlar va koordinatalarni esa internet orqali uchinchi ishtirokchiga — shaxsi hali aniqlanmagan taxminiy tashkilotchiga yuborishgan.
Aynan o‘sha odam internetda xaridorlarni qidirib, ularga tovarni qayerdan olish kerakligini aytgan. Jami kamida 18 ta sotishga urinish epizodi qayd etilgan, ulardan biri yirik miqdorda.
Qo‘lga olish chog‘ida politsiya 38 ta giyohvand modda o‘ramini musodara qildi — bir qismi ayblanuvchilardan birini tekshirish chog‘ida, bir qismi esa allaqachon tayyorlab qo‘yilgan o‘ramlarda topilgan. Ikkala sudlanuvchi ham aybiga iqror bo‘lib, tergov bilan hamkorlik qilgan. Sud ularning har biriga 9 yil-u 6 oydan qattiq tartibli koloniyaga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida turar joy binosida giyohvand moddalar saqlanayotgan omborxona aniqlangandi. Tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.