20-iyul kuni Toshkentda yo‘lovchi avtobusi yonib ketdi. Poytaxt FVB voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Poytaxtning Uchtepa tumani “Birlik” mahallasida yo‘lovchi avtobusi yonib ketgani to‘g‘risida 20-iyul kuni soat 12:44 da favqulodda xizmatlarga xabar kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 12:50 da yetib borgan va uch daqiqadan so‘ng — soat 12:53 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

18-avtoparkka qarashli 64-yo‘nalishdagi avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Yong‘in holati va kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 17-iyulga o‘tar kechasi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Qorasuv” podstansiyasida transformator yonib ketgandi. Uni taxminan yarim soat davomida o‘chirishdi, jabrlanganlar yo‘q. Buning sababi uskunaning ortiqcha yuklanishi tufayli yuzaga kelgan qisqa tutashuvdir.