Toshkent shahrining har bir tumanida kamida 100 kv.m maydonda daraxt ko‘chatxonalari tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning qarorida aytiladi.
Vazifa tuman hokimliklariga yuklatildi. Tuman obodonlashtirish boshqarmalariga qarashli uchastkalarda bir oy muddatda butalarning urug‘lari va qalamchalaridan ko‘chat yetishtirish tashkil etilishi kerak.
Buning uchun Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi va hokimlikning qurilish, to‘siqsiz muhit, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari kompleksi tomonidan ishlab chiqilgan Urug‘ va qalamchalardan buta ko‘chatlarini ko‘paytirish bo‘yicha taqsimot dasturi tasdiqlanadi.
Joylarda jami 574 ming 450 tup har xil turdagi butalar ekiladi. Qalamchalarni parvarishlash, muhofaza qilish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, daraxt va butalarni organik va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlari ko‘zda tutilgan.
Tuman hokimliklari dastur bo‘yicha buta ko‘chatlarini yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritadi.
Hujjatda, shuningdek, ekologiya boshqarmasi, obodonlashtirish bosh boshqarmasi va tuman obodonlashtirish boshqarmalari ishtirokida ushbu mavzu bo‘yicha o‘quv seminarlarini o‘tkazish nazarda tutilgan.
Tuman obodonlashtirish boshqarmalari dastur ijrosini monitoring qilib, har oyda Toshkent shahar hokimligiga axborot kiritib boradi. Farmoyish ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov zimmasiga yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, Ekologiya vazirligi developer Murod Nazarovning daraxtlarni kesishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish va uning o‘rniga moratoriy o‘rnatish bo‘yicha taklifiga izoh bergandi.
Idoraning tushuntirishicha, taklif etilayotgan kompensatsion ekish mexanizmi va “daraxtlar banki” amaldagi moratoriyning o‘rnini bosa olmaydi. Developerning daraxtlarni har qanday narxda kesishning turli “usullari”ni qo‘llash haqidagi so‘zlaridan so‘ng uning faoliyatini tekshirish so‘raldi.