Jizzax viloyatida pora bilan qo‘lga olingan Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev nomidan budjet mablag‘larini ajratish bo‘yicha bir nechta qarorlar imzolandi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

Ikkita qaror Xolbo‘tayev qo‘lga olingan kuni — 8 iyulda, yana uchtasi — 9 iyulda imzolangan. Hujjatlar xalq deputatlari tuman Kengashi nomidan rasmiylashtirildi.

8-iyul kuni imzolangan qarorlar:

  • VII-10-94-3-46-K/25 — tuman markaziy ko‘chasini obodonlashtirish va 9-may — Xotira va qadrlash kuni bayroqlarini sotib olish uchun 42 mln so‘m, shuningdek, ko‘p qavatli uylarning tomlarini ta’mirlash uchun shifer sotib olish uchun 70 mln so‘m ajratish nazarda tutilgan;
  • VII-10-95-3-46-K/25 — tuman hokimligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash – kanselyariya sotib olish, tashkiliy texnikani ta’mirlash va xo‘jalik mollari sotib olish bo‘yicha qarzlarni to‘lash uchun 150 mln so‘m ajratildi.

9-iyul kuni imzolangan qarorlar:

  • VII-10-96-3-46-K/25 — Oila va xotin-qizlar bo‘limlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 100 mln so‘m;
  • VII-10-97-3-46-K/25 — “To‘qchilik” mahallasida sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni qurish uchun 200 mln so‘m va “Kulpisar” mahallasida madaniyat bo‘limi binosini joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m;
  • VII-10-98-3-46-K/25 — 255 mln so‘m yana hokimlik ehtiyojlari uchun: qarzlarni to‘lash, tashkiliy texnikani ta’mirlash va xo‘jalik tovarlarini xarid qilish uchun.

Holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, ish hujjatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, amaldor 8-iyul kuni qo‘lga olingandi. Mahmud Xolbo‘tayev deputatlik daxlsizligidan mahrum etildi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish), bosh mutaxassisga nisbatan 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.