O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi yaqinida neft mahsulotlari kontrabandasi uchun foydalanilgan yangi tunnel ochildi. Bu haqda Moliyaviy monitoring agentligi xabar bermoqda.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh Turkiston viloyatida 450 metr uzunlikdagi yer osti tunnelini qurgan. Ular xorijdan moliyalashtirish, logistika va yoqilg‘i-moylash materiallarini olib chiqishni o‘z ichiga olgan kontrabanda sxemasini yo‘lga qo‘yishgan.

Noqonuniy faoliyat ikki oy davomida amalga oshirilgan. Ikki davlat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jinoiy sxemaning barcha ishtirokchilari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari va Qozog‘istonning besh nafar fuqarosi aniqlandi. Hozirda tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning qishida Qozog‘iston va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari chegaradan 450 metr uzunlikdagi tunnel o‘tkazgan kontrabandachilar tarmog‘ini yo‘q qilgandi. Ular ikki oy davomida har kuni Qozog‘istondan 5-7 tonna yoqilg‘i-moylash materiallarini olib chiqib, to‘lovlarni O‘zbekistondan olgan. Jinoiy guruhning barcha a’zolari hibsga olindi.