O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi, birinchi marta yozgi iste’mol qishki iste’moldan oshdi. Bu haqda HETning poytaxt filiali xabar bermoqda.

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 16-21-iyul kunlari anomal iliq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatildi. Birinchi marta elektr energiyasi iste’molining yozgi ko‘rsatkichlari qishki maksimumdan oshdi.

Xususan:

  • 2025-yil 18-iyulda kunlik iste’mol 272,6 million kVt/soatni tashkil etdi, bu qishki maksimal (271,8 million kVt/soat) va oldingi yozgi rekord (253,3 million kVt/soat) dan oshdi;
  • 21-iyul kuni soat 17:00 da energiya tizimining maksimal quvvati 13,3 GVt ga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024-yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.

Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi.

Xususan:

  • kunlik iste’mol 32,4 mln kVt/soatga yetdi (2024-yilda maksimal iste’mol 30,5 mln kVt/soatni tashkil etdi), bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 33 foizga ko‘pdir;
  • 14:52 da eng yuqori yuklama 1811 MVtni tashkil etdi (2024-yilda — 1680 MVt);
  • joriy iste’mol darajasi 2024-yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11,0 foizni tashkil etdi.

Iste’mol eng yuqori bo‘lgan davrda elektr tarmoqlaridagi uzilishlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida “HET” va uning filiallarida tunu kun ishlaydigan maxsus avariya-qutqaruv brigadalari tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etadi.

Ayrim hududlarda kuzatilayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun iste’molchilardan uzr so‘raldi. Shu munosabat bilan iste’molchilardan elektr energiyasini imkon qadar tejamkorlik bilan sarflashlarini so‘raldi.

“Elektr jihozlarini behuda ishlatmasdan, tizimga yuklama ortishi, nosozliklar va elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olishga barchamiz katta hissa qo‘shamiz”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 21-iyul kuni prezident neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. Shu bilan birga, davlat rahbari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. Mutasaddilarga infratuzilmani izchil yangilab, barqaror elektr ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.