Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasida xorijiy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakatda o‘sib borayotgan ichki talabni inobatga olgan holda energetika sohasi izchil rivojlantirilmoqda. Davlat rahbarining xorijiy tashriflari va ular doirasida tashkil etilgan biznes-forumlar tufayli qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt mintaqasi konlarida neft qidirish va qazib olish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Istiqbolli maydonlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, murakkab konlarni o‘zlashtirish, sohani raqamlashtirish, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash va boshqa yo‘nalishlarda bir qator davlatlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Taqdimotda mutasaddilar qo‘shma loyihalarning bugungi holati va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berdi.

Prezident istiqbolli maydonlar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirishni jadallashtirish, geologiya-qidiruvdan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Amaldagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda quduqlardan foydalanish samaradorligini oshirish orqali zamonaviy burg‘ilash usullarini qo‘llashni kengaytirish, neft va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, yerosti omborlariga gaz haydash va resurslarni mutanosib yetkazib berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.

Misol uchun, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy quvvati 1 ming 65 megavatt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1 ming 573 megavattli yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda. Ushbu inshootlarning umumiy loyiha quvvati yiliga 20 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2025-yil yakuniga qadar Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 162 megavatt bo‘lgan bir nechta yangi gidroelektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ular yiliga 648 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Ushbu quvvatlar aholi ehtiyojlarini qondirish va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.

Shu bilan birga, tegishli tarmoq va podstansiyalarni ta’mirlash ishlari boshlandi, issiqlik elektr stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash uchun zarur yoqilg‘i, ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

Infratuzilmani izchil modernizatsiya qilish, barqaror va uzluksiz energiya ta’minoti bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Afg‘onistonga tashrif buyurgan edi. Uchrashuvlarda TIV rahbari hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi, Islom Amirligining xavfsizlikni mustahkamlash va giyohvand moddalarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini qayd etdi, logistika, energetika va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.