20-iyul kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki avtomobil to‘qnashuvi oqibatida piyoda halok bo‘ldi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Fojiali YTH Oltin tepa va Chaxbud ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Ikki avtomobil — Lacetti va Tracker to‘qnashdi: Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan piyodani urib yubordi. Olingan tan jarohatlari oqibatida u voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqbuzarlik avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezident yo‘l harakati xavfsizligi sohasi mutasaddilariga har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan YTHlarda o‘lim ko‘rsatkichi MDH davlatlari orasida eng past ko‘rsatkich bo‘lsa-da, xotirjamlikka o‘rin yo‘qligini ta’kidlagandi.