Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov metall to‘siqlar o‘rnatish loyihasi uchun mablag‘larni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi metall to‘siqlarni loyihalashtirish, qurish va ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi etib belgilandi.
Yangi qaror bilan hokimning 20 maydagi qaroriga o‘zgartirish kiritildi. O‘shanda 2,044 mlrd so‘m, shundan 1,456 mlrd so‘m ko‘cha va yo‘llar bo‘ylab 5,6 km uzunlikdagi metall to‘siqlar o‘rnatish va 588 mln so‘m voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida qabariq piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan edi. Endi esa to‘siqlar o‘rnatish uchun qariyb 7 mlrd so‘m ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkent shahrining har bir tumanida daraxt ko‘chatlarini ekish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Vazifa tuman hokimliklariga yuklatilgan.