Afg‘onistonning Qandahor shahrida mahalliy hokimiyat bolalar o‘yinchoqlarini sotishni taqiqladi. Bu haqda Amu TV telekanali bolalar do‘konlari egalarining so‘zlarini keltirmoqda.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” harakati vakillari qo‘g‘irchoqlar va bolalar haykalchalarini sotishga to‘sqinlik qilmoqda. Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, bu ularning biznesiga zarar yetkazadi.

“Afghanistan International” nashrining xabar berishicha, Tolibonning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi bir qator o‘yinchoqlar, jumladan, qo‘g‘irchoqlarni sotishni harom deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati rasmiylari erkaklarga zamonaviy soch turmagi va tunda sayr qilishni taqiqlagandi. Bunday cheklovlar mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llanilgan.