O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik Bahodir Qurbonov Kobulda Afg‘oniston Razvedka xizmati boshlig‘i Abdul Haq Vosiq bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, Afg‘onistonni xalqaro munosabatlarning to‘laqonli ishtirokchisi sifatida integratsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni qayd etdi.

Xususan, O‘zbekiston prezidentining BMT, SHHT yig‘ilishlari va boshqa nufuzli xalqaro forumlarda Afg‘oniston masalasi bo‘yicha kelishilgan pozitsiyasiga misollar keltirildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika, transport, savdo va boshqa sohalarda ikki tomonlama muzokaralar faol davom ettirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Afg‘onistonda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakatni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish maqsadida gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi daxlsizligini ta’minlash, o‘tkazish punktlaridan o‘tish rejimini takomillashtirish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarni do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida rivojlantirishga qaratilgan.