Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanida Shimoliy vokzal yaqinidagi cherkov yonidagi sobiq harbiy gospital hududida qurilish boshlangani va bu joyda daraxtlar kamayib ketgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ekologik partiya vaziyatga munosabat bildirdi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning 2024-yil fevral oyida qurilish hududidagi har bir daraxt ro‘yxatga olinishini aytgan bayonotlariga e’tibor qaratdi. U, shuningdek, agar birorta daraxtga zarar yetsa, qoidabuzarlar javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari munosabat bildirdi.
“E’lon qilingan fotosuratlarda hududning hozirgi va oldingi holatini ko‘rish mumkin. Yashil daraxtzorlar soni keskin kamayib ketgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ushbu fakt bir qator savollarni tug‘diradi: inventarizatsiya paytida ushbu uchastkadagi daraxtlar hisobga olinganmi? Ularning yo‘qolishi nima bilan izohlanadi? Ushbu uchastkani tadbirkorlik subyektiga o‘tkazishda yer qonunchiligiga rioya qilinganmi? Ushbu hududdagi qurilishlar Toshkent shahrini 2045-yilgacha rivojlantirish Bosh rejasiga mos keladimi?” — deyiladi Ekopartiya xabarida.
Shuningdek, fraksiya a’zolari qurilayotgan obyekt ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan yoki o‘tkazilmaganligi, qurilish jarayonida daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni saqlab qolish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilganligi masalasini ham o‘rtaga tashladi.
Yuzaga kelgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov Bosh prokuror hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga deputatlik so‘rovi yubordi.