Toshkentda erkak samolyot bortida ayolga tegajog‘lik qilgani uchun sudlandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 22 iyuldagi qarorida aytiladi.
Hodisa 21-iyul kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskva-Toshkent reysi bortida sodir bo‘lgan. Mast erkak yo‘lovchi ayolga tegajog‘lik qilib, uning ko‘kragiga bir necha bor qo‘l tekkizgan va jinsiy a’zolarini namoyish qilgan.
Sud majlisida fuqaro mast holatda bo‘lgani uchun o‘z harakatlarini anglamaganini aytdi.
Erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (jinsiy tegajog‘lik) 1-qismi bilan aybdor deb topilib, uch sutkaga qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokori mast holatda bemorga tegajog‘lik qilgan. Sudda u qilgan ishidan pushaymon bo‘ldi va kechirim so‘radi.