Namanganda sigir yosh bolali ayolni urib yiqitdi Namanganda sigir yosh bolali ayolni urib yiqitdi. Bu haqda IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 16-iyul kuni Yangiqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan. Fuqaro o‘ziga tegishli qoramollarni uyiga haydab kelayotgan ekan. Shu payt sigirlardan biri ko‘chada o‘ynab yurgan ikki yoshli bolaga hujum qilgan.

Bir necha kishi, jumladan, chorva egasi va bolaning onasi jonivorni to‘xtatishga uringan. Biroq sigir ayolga ham tan jarohati yetkazishga ulgurgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayolga o‘rtacha og‘irlikdagi, voyaga yetmagan shaxsga esa yengil tan jarohati yetkazilgan.

Jabrlanganlar uyiga javob berilgan va hozirda ambulator sharoitda davolanishni davom ettirmoqda. Yangiqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.