Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston energetika xavfsizligini ta’minlash tizimidagi asosiy obyektlardan biri bo‘lgan “Surgil” siquv kompressor stansiyasini qurish loyihasining umumqurilish va montaj ishlari yakunlandi.

Stansiya “Surgil” konidagi tabiiy gaz bosimini oshirish va keyinchalik xomashyo gazidan ajratib olinadigan qimmatbaho komponentlardan polimerlar ishlab chiqaradigan Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga qayta ishlashga yuborish uchun mo‘ljallangan. Loyihaning gaz siqish bo‘yicha yillik quvvati 1,8 milliard kub metr gazni yoki kuniga 4,8 million kub metrni tashkil etadi.

Loyihaning bosh pudratchisi Enter Engineering kompaniyasi bo‘lib, u samaradorlik va ishonchlilikni oshirishga qaratilgan zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etadi.

Loyiha yechimlariga ko‘ra, siquv kompressor stansiyasi Baker Hughes kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita parallel ishlaydigan gaz haydash agregatidan iborat. Hozirda yangi quvvatlarni barpo etish bo‘yicha umumqurilish va montaj ishlari yakunlangan. Gaz haydash agregatlarini ishga tushirish va sozlash ishlari boshlandi, deb xabar beriladi Enter Engineering sahifasida.

Kompressor stansiyasining ishga tushirilishi “Surgil” konida gaz qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish va Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga tabiiy gazni barqaror yetkazib berish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha resurs bazasini shakllantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yangi quvvatlar Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlaridan gaz qazib olishni ko‘paytirish, past bosimli konlardan gazni kompressorga yo‘naltirish imkonini beradi.

Loyihani amalga oshirish nafaqat strategik, balki muhim ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Tabiiy gaz qazib olishning o‘sishi aholi, korxonalar va ijtimoiy muassasalarni ishonchli energiya bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, hududlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilmoqda.