Rossiyada Kubandagi neftni qayta ishlash sanoat obyektida terakt sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda TASS FXXga tayanib yozmoqda.

Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatni sodir etish uchun o‘zbekistonlik kuratorning topshirig‘i bilan Molotov kokteyli tayyorlagan. U neftni qayta ishlash obektlaridan birining yotoqxona binosiga o‘t qo‘yishni va sodir etilgan jinoyat videosini internetga joylashtirib, aholini qo‘rqitishni rejalashtirgan. Keyinchalik erkak Afg‘onistonga borib, xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi tergov bo‘limi qo‘lga olingan shaxsga nisbatan uchta jinoiy modda — 30 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish), 205 (Terrorchilik harakati), shuningdek, 205.5 (Terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov olib borilmoqda.