Sog‘liqni saqlash vazirligi 45 darajagacha bo‘lgan jazirama fonida fuqarolarga murojaat qildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya markazi direktori Ilmira Razikovaning aytishicha, ultrabinafsha nurlanish intensiv bo‘lgan davrda allergik reaksiyalar yuzaga kelishi mumkin.
“Bunday sharoitda terining quyosh nurlariga sezgirligi ortadi. Natijada fotodermatoz kasalligi rivojlanishi mumkin. Ultrabinafsha nurlanish organizmdagi moddalar bilan o‘zaro ta’sir qiladi, bu esa allergik reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin”, — dedi mutaxassis.
Fotodermatoz ko‘krakning yuqori qismida, bo‘yin va qo‘llarda pufakchalar, shishlar, qizil dog‘lar, kuyishga o‘xshash toshmalar, ba’zan po‘st tashlash, qichishish va shishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Toshmalar quyosh ta’siridan keyingi dastlabki soatlardayoq paydo bo‘lishi va bir haftagacha saqlanib turishi mumkin. Simptomlar odatda davolanishdan keyin o‘tib ketadi, ammo kasallik surunkali shaklga o‘tishi mumkin.
Bu kabi muammolarning oldini olish uchun fuqarolar soat 10:00 dan 16:00 gacha soyada bo‘lishlari, yopiq kiyimlarda yurishlari, shuningdek, sezgir teri uchun mo‘ljallangan quyosh nurlaridan himoyalovchi kremlardan foydalanishlari tavsiya etiladi.
Qayd etilishicha, ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki uning kechishini kuchaytirishi mumkin. Preparatlarni qo‘llashdan oldin ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qib chiqish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Masalan, eritromitsin, tetratsiklin, streptomitsin asosidagi surtmalar va preparatlar ultrabinafsha nurlarni yutish xususiyatiga ega. Bunday vositalarni qo‘llaydigan bemorlarga issiq havoda kunduzi ko‘chaga chiqish tavsiya etilmaydi.
Fotodermatoz belgilari paydo bo‘lganda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolarga o‘zlarini olovda qanday asrash bo‘yicha maslahatlar bergan edi.