23-iyul kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yuk mashinasi boshqa yo‘l-transport hodisasiga chaqiruv bo‘yicha kelgan YPX avtomobiliga borib urilgan. Bu haqda viloyat YHXB xabar bermoqda.
YTH A373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining 39-kilometrida soat 05:00 da sodir bo‘lgan. Yo‘lda 56 va 33 yoshli haydovchilar boshqaruvidagi Gentra va Cobalt avtomobillari to‘qnashib ketgan. To‘qnashuv oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Voqea joyiga Lacetti rusumli xizmat avtomobilida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari yetib borgan. Miltillovchi mayoqchasi yoqilgan avtomobil yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtatildi.
Bu vaqtda HOWO rusumli yuk mashinasini boshqarib ketayotgan 24 yoshli haydovchi tajribasizligi va e’tiborsizligi oqibatida avtomobilning yon qismiga urilib, yana bir YTH sodir etgan. Hech kim jabrlanmagan.