O‘zbekiston va Rossiya aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki mamlakat aviakompaniyalari barcha manzil shaharlaridan samarali foydalangan holda haftasiga 1000 dan ortiq reyslarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida haftasiga 310 dan ortiq muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Har ikki davlatning tayinlangan aviakompaniyalariga haftasiga quyidagi reyslar sonini amalga oshirish huquqi berilgan:

  • Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha — 50 tadan reys (jami 100 ta reys);
  • Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha — 23 tadan reys (jami 46 ta);
  • Buxoro-Moskva, Urganch-Moskva, Farg‘ona-Moskva, Namangan-Moskva yo‘nalishlari bo‘yicha — 14 tadan reys (jami 112 ta);
  • Toshkent-Sankt-Peterburg, Toshkent-Krasnoyarsk, Toshkent-Sochi yo‘nalishlari bo‘yicha – 14 tadan reys (jami 42);
  • Termiz-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha — 10 tadan reys (jami 20 ta).

Bundan tashqari, boshqa shaharlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 7 ta reysni amalga oshirishga ruxsat berildi, ya’ni Rossiya aviatashuvchilari uchun ularning 80 ta xalqaro aeroportidan O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga jami 560 ta reys, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun Rossiyaning 29 ta eng yirik xalqaro aeroportiga barcha xalqaro aeroportlardan jami 203 ta reys (yuqoridagilardan tashqari).