O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish (FJMS yoki OSAGO) summasi oshiriladi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar bermoqda.
Sug‘urta to‘lovining maksimal miqdori 40 mln so‘m etib belgilandi. Ushbu summaning 35 foizigacha (14 mln so‘m) — jabrlanuvchining mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, 65 foizigacha (26 mln so‘m) — jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash uchun to‘lanadi.
2026-yildan boshlab majburiy avtosug‘urta bo‘yicha sug‘urta summasi ikki baravarga oshirilib, 80 mln so‘mgacha yetkaziladi. Bu YTH oqibatida jabrlangan shaxslarning mol-mulki, hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘larning zamon talablariga mos bo‘lishiga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan aktuar hisob-kitoblar asosida sug‘urta tariflari ham qayta ko‘rib chiqilib, mukofotlar va sug‘urta summasi bozor tamoyillari asosida belgilanmoqda. Bundan tashqari, haydovchilar soni cheklangan va cheklanmagan holda polislarni rasmiylashtirish mexanizmi joriy etilmoqda, shuningdek, sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi endilikda yuridik maslahatlar va adjasterlik xizmatlarini, shu jumladan YTHni rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, FJMS bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul organlar belgilandi va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi tasdiqlandi. Hukumat davlat organlari o‘rtasida OSAGO bo‘yicha elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.
2026-yil 1-apreldan sug‘urta mukofotlari bo‘yicha tushumlarni markazlashgan tartibda hisobga olishning Yagona sug‘urta billing tizimi joriy etiladi. Majburiy avtosug‘urta polisi yo‘qligi uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish rejalashtirilmoqda.