Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan dam olish maskani qurilishi bo‘yicha rasmiy hujjatlar olmagan. Vazir Aziz Abduhakimovning so‘zlarini “Gazeta.uz” keltiradi.

“Bu hozir, ochig‘ini aytganda, faqatgina bizga norasmiy ravishda og‘zaki aytilyapti. Shuning uchun biz iltimos qildikki, hujjatni olib kelsin. Hujjat bo‘lgandan keyin biz o‘zimizning ham, Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi, o‘zining tegishli inspeksiyalari, Ekologik ekspertiza markazi, hamma tegishli vazirlik va idoralar o‘zining e’tirozlarini yoki o‘zining takliflarini bildira oladi”, — dedi Abduhakimov.

Vazirlik rahbari tashabbusning mazmunini o‘rganmasdan turib, uni amalga oshirishdan muddatidan oldin voz kechish kerakligini ta’kidladi.

“Hozir hali hujjat yo‘q, biz “yo‘q, bo‘lmasin”, deb turibmiz-da. O‘zi hujjat kelsin oldin. Bir narsaga o‘zi “yo‘q” deyishdan oldin shu narsa paydo bo‘lishi kerak-da. Hali bizda taklif ham yo‘q, hujjat ham yo‘q, lekin biz “yo‘q“ deyapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, jamoatchilik Toshkent uchun muhim bo‘lgan suv omboridagi yirik inshoot qurilishi hech qanday muhokamasiz, taqdim etilgan loyihalarsiz va ekologik ekspertizasiz amalga oshirilishidan xavotirda. Ushbu xavotirlarga javoban Aziz Abduhakimov loyiha rasman taqdim etilsa, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

“Uni kelgandan keyin biz, albatta, jamoat muhokamasiga qo‘yamiz, hamma ko‘rsin shuni. Uni qanaqadir berkitib, kechasi shunday qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan, menimcha, hech kim yo‘q o‘zi respublikada”, — dedi Abduhakimov.

Shuningdek, u loyiha rahbari tadbirkor Emin Agalarovning O‘zbekistonga taklifiga izoh berdi.

“Respublikaga taklif etilgan developer o‘zidan-o‘zi kelib unaqa qilmayapti bu yerda. Kelib, o‘zidan-o‘zi “Mana, men shu Chorvoqda quraman”, degan gap yo‘q. Uni, aksincha, tajribali bo‘lganligi uchun, u juda ham bir ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilganligi uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Bo‘lmasam, o‘zining juda unaqa bir katta xohishi yo‘q, uning mingta taklifi bor”, — dedi vazir.

Yakunda vazir jamoatchilikni erta baho berishdan tiyilishga chaqirdi.

“Bizlar oldin bir ko‘raylik taklifini “yo‘q” deyishdan oldin. Oldin taklifini bersin, ko‘raylik o‘zi nima taklif qilayotganini. Hali ko‘rmasdan turib “yo‘q” deyishimiz, menimcha, bu aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsa”, — dedi Aziz Abduhakimov.