Toshkent aholisi yoz kelishi bilan yana shaharda vaqti-vaqti bilan chiroq o‘chib qolishidan shikoyat qila boshladi. Holat yuzasidan “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” munosabat bildirdi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda butun mamlakat bo‘ylab havo haroratining anomal yuqoriligi sababli elektr energiyasi iste’molining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.

“Energetika tizimiga yuklama va kunlik iste’mol hajmi bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etilmoqda. Ayniqsa, bu holat poytaxtimiz Toshkent shahrida yaqqol sezilmoqda. Issiq tufayli elektr energiyasi iste’moli darajasi birinchi marta qish mavsumidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan oshdi. Bu elektr tarmoqlarida yuklamaning sezilarli darajada oshishiga olib keldi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tarmoqlardagi ortiqcha yuklama va iste’molning keskin oshishi, agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, jiddiy avariyaviy uzilishlarga olib kelishi mumkin.

Poytaxtning turli hududlarida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ tomonidan tun-u kun ishlaydigan maxsus avariya brigadalari tuzilgan. Bu brigadalar doimiy rejimda nosozliklarni aniqlaydi va bartaraf etadi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda birinchi marta yozgi elektr energiyasi iste’moli qishki iste’moldan oshgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, kunlik iste’mol bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatilgan.