Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalq orasida va xalqaro maydonda yuksak obro‘-e’tiborga ega ekanini qayd etib, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgani va respublikaning xalqaro masalalardagi faol ishtirokini ta’kidladi.

“Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan ilgarilamoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynamoqda.

Siz shaxsan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shmoqdasiz. Biz, shubhasiz, Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari farovonligi yo‘lida, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab, ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha birgalikda ishlashda davom etamiz”, — deb yozdi Vladimir Putin.

Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi. 2025-yil 24-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev 68 yoshni qarshiladi.