Moskva viloyatida o‘zbekistonlik 33 yoshli muhojirga nisbatan ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish ayblovi bilan ish ochildi. Bu haqda News.ru yozmoqda.
Voqea 20-iyul kuni kechqurun Shyolkovo shahrida sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan jabrlanuvchi uyiga qaytayotganda mast holatdagi ikki erkak bilan to‘qnashib ketgan. Ulardan biri erkakning imo-ishoralarini tajovuz deb noto‘g‘ri tushunib, boshi va qorniga bir necha marta zarba bergan.
Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Hujumchi erkakning tiriklik alomatlari yo‘qligini ko‘rgach, jasadni butalar orasiga yashirgan. Politsiya bosqinchini tezda qo‘lga oldi.
Tergov gumonlanuvchining harakatlarini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, ehtiyotsizlik orqasida o‘limga olib kelish deb baholadi. Mojaroga ikkinchi ishtirokchining aloqadorligi hali aniqlanmoqda, u ham javobgarlikka tortilishi mumkin.
Marhum Grozniy shahrida tug‘ilgan bo‘lib, Moskva viloyatida yashagan va ikki farzandni tarbiyalagan. Oilaning ta’kidlashicha, erkak janjalni qo‘zg‘atmagan va tinchliksevar inson bo‘lgan.
Ish Rossiya Tergov qo‘mitasi nazoratiga olingan. Qo‘mita rahbari Aleksandr Bastrikin tergov jarayoni haqida batafsil ma’lumot berishni so‘radi. Jabrlanuvchining nogironligi va gumon qilinuvchining noqonuniy maqomi hukm chiqarishda og‘irlashtiruvchi holat bo‘lishi mumkin.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 111-moddasi 4-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, ehtiyotsizlik orqasida jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchi 15 yilgacha koloniya jazosiga hukm qilinishi mumkin.