O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja o‘rtasida boshlangan mojaroga munosabat bildirdi.
Vazirlik vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va barcha tomonlarni vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiradi.
Bangkokdagi Bosh konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Tailand va Kambodjada yashovchi O‘zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar yo‘q. Tailand poytaxti va sayyohlik markazlarida vaziyat barqaror, xorijlik sayyohlar uchun xavf yo‘q. O‘zbekiston fuqarolari Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslikka va rasmiy xabarlarni kuzatib borishga chaqirildi.
Favqulodda vaziyatlarda Bangkok shahridagi Bosh konsulxonaga (+66-2) 675-3995 yoki (+66-2) 675-3996 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin. Vazirlik yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etmoqda.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 24 iyulga o‘tar kechasi qadimiy Ta Moan Txom ibodatxonasi yaqinida sodir bo‘ldi. U Tailand hududida, Kambodjaning bahsli uchastkalari yaqinida joylashgan.
Tailand rasmiylariga ko‘ra, buning oqibatida mamlakatning 12 nafar fuqarosi halok bo‘lgan: 11 nafar tinch aholi (shu jumladan, o‘smir va sakkiz yoshli bola) va bir harbiy. Keyinroq Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligi 15 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Kambodja hukumati o‘z tomonidan qurbonlar haqida hozircha xabar bermadi. Tailand Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Surasanta Kongsirining so‘zlariga ko‘ra, chegara bo‘ylab kamida oltita nuqtada janglar davom etmoqda.
Tailand hukumati Kambodja bilan chegaradagi to‘rtta viloyat aholisini evakuatsiya qilishga qaror qildi: Surin, Buriram, Sisaket va Ubonratchatxani.