Bolalar ombudsmani Angrenda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 15 yoshli qizning holidan xabar oldi. Bu haqda Bola huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati xabar bermoqda.

Surayyo Rahmonova Angren bolalar shifoxonasida bo‘lib, voyaga yetmagan qizning ahvoli va davolanish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bolalar ombudsmani kasalliklarning kechishi va olib borilayotgan muolajalar to‘g‘risidagi tibbiy hujjatlar bilan ham tanishdi. U voyaga yetmagan bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, shifokorlar bemorda mavjud bo‘lgan o‘tkir artrit, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, oqsil-energetik yetishmovchilik, og‘ir anemiya, sepsis kabi kasalliklarni davolash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

“Bolada mavjud qayd etilgan kasalliklar surunkali tusga ega bo‘lib, ularning hech biri jinoyat hodisasi oqibatida yuzaga kelmagan”, — deyiladi xabarda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlari doirasida mazkur jinoyat ishini tergov qilishning borishi ustidan o‘z nazoratini amalga oshiradi. Xususan, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi shaxslarga voyaga yetmagan jabrlanuvchiga nisbatan protsessual va tergov harakatlarini o‘tkazishda bolaning qo‘shimcha ruhiy va asabiy jarohatlar olishiga yo‘l qo‘ymaslik, tergovda malakali pedagog va psixolog ishtirokini ta’minlash lozimligi tushuntirildi.

O‘rganish davomida Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy agentligi vakillari Angren shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari bilan uchrashib, ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

“Inson” markazi mutaxassislari uzoq vaqt davomida qiz va uning oilasi bilan tizimli ish olib bormoqda, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolani himoya qilish va reabilitatsiya qilish bo‘yicha doimiy ravishda kompleks chora-tadbirlar ko‘rmoqda, shuningdek, oilani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Mazkur holat yuzasidan ishonchli bo‘lmagan, haqiqatga zid manbalarga murojaat qilishdan tiyilgan holda, faqat mutasaddi davlat organlarining rasmiy axborotlariga tayanishga chaqiramiz!” — deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida bir necha kishi 15 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Jabrlanuvchi dahshatli jarohatlar bilan kasalxonada yotibdi. Mazkur holat prokuratura, Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda prokuratura qizning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilgani uchun uning hayotini saqlab qolgan shifokorga nisbatan ish qo‘zg‘atmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura tarqatilgan ma’lumotlar mutlaqo ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.