Toshkentda aholi xonadonlariga «aqlli» suv hisoblagichlari o‘rnatila boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.

Ma’muriyatning ta’kidlashicha, eski hisoblagichlarning ko‘rsatkichlari har doim ham ma’lumotlar bazasiga o‘z vaqtida uzatilmagan, to‘lov vaqtida chalkashliklar va kechikishlar yuzaga kelgan.

Yangi smart hisoblagichlar quyidagilarga imkon beradi:

  • iste’mol qilinadigan suvning hajmi va bosimini aniq o‘lchash;
  • nosozliklarni va chetdan aralashuvni aniqlash;
  • barcha ma’lumotlarni masofadan uzatmoq

Dastlabki sinovlar Shayxontohur tumanining ayrim joylarida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Endilikda eski hisoblagichlarni smart hisoblagichlarga almashtirish ishlari tasdiqlangan reja asosida joriy yilning uchinchi choragida Yangihayot tumanidan boshlanadi. Hisoblagichlar turar joy binolariga bepul o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari 15 foizga oshiriladi. Tegishli taklif deputatlar Kengashi tomonidan ma’qullandi.