Ijtimoiy himoya milliy agentligi Angrenda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan qiz bilan bog‘liq vaziyatni joyiga chiqib o‘rganishni boshladi. Bu haqda idora axborot xizmati xabar bermoqda.
Holat joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganilib, oila a’zolari, tibbiyot xodimlari va psixologlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Qizning ahvoli va mutaxassislarning tavsiyalarini inobatga olgan holda voyaga yetmagan qizni Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Davolashning optimal rejasini aniqlash uchun yetakchi mutaxassislardan iborat shifokorlar kengashi tuzildi.
“Tibbiy yordam bilan bir qatorda, ijtimoiy xizmatlarning malakali mutaxassislari ishtirokida qizga ruhiy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilmoqda. Agentlik bola va uning oilasini tiklanishning barcha bosqichlarida kuzatib borish va yordam berishni ta’minlaydi”, — deb ta’kidlandi xabarda.
Holat yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan. Barcha zarur protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.