Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va professional ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yil boshidan buyon bu sohada xalqaro tajriba asosida shakllangan modellar joriy etilmoqda. Xususan, bank tizimi mahallalar bilan faol muloqot qilib, aholi bandligini ta’minlashda ko‘maklashadigan bo‘ldi. Birgina birinchi yarim yillikda 3 milliondan ortiq kishi daromadli mehnat faoliyatiga jalb etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim va unga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar o‘z samarasini bermoqda — joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 6,8 foizga tushdi.
Bandlikni oshirishda kasb-hunar ta’limi sifati asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Bu ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, xususiy sektorni faol jalb etishni taqozo etadi. Ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga javob bermasligi mutaxassislar tayyorlashda jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Mehnat munosabatlari sohasidagi ba’zi normalar tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ishga qabul qilish jarayonida raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti. Amaldagi qoidalar ham ish beruvchilarni bo‘sh ish o‘rinlarini ochiq joylashtirishga rag‘batlantirmaydi, bu esa statistikani noto‘g‘ri ko‘rsatishga olib keladi va mehnat bozorini aniq tahlil qilish va kadrlar tayyorlashning dolzarb yo‘nalishlarini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi.
Taqdimotda shu kabi muammolarni hal etishga qaratilgan yangi tashabbus va chora-tadbirlar taqdimot qilindi. Yangi yondashuvlarga ko‘ra, bandlik organlari nazorat organlaridan ish beruvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi sheriklik tuzilmalariga aylanishi kerak. Xususan, bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaganlik va yuborilgan nomzodlarni qabul qilishni rad etganlik uchun jarimalarni bekor qilish taklif etilmoqda. Bu bandlik organlariga ishonchli ma’lumotlarni to‘plash va talabgorlarni munosib joylarga samarali yo‘naltirish imkonini beradi, bunda ishga qabul qilish to‘g‘risidagi yakuniy qaror ish beruvchining o‘zida qoladi.
Ushbu modelni amalga oshirish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushiriladi va keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab tarqatiladi.
Bundan tashqari, mutaxassislarni topish qiyin bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari kasb-hunar ta’limining ustuvor yo‘nalishlariga kiritiladi, bu esa kadrlar tayyorlashni maqsadli tashkil etish imkonini beradi.
Kasb-hunar ta’limi sifatini oshirish maqsadida Kasb-hunar markazlari faoliyatiga xususiy sektor vakillarini jalb qilish rejalashtirilmoqda, alohida markazlar esa muayyan sohalarga ixtisoslashtiriladi.
Mutasaddilarga uch bosqichli professional ta’lim tizimiga o‘tish topshirildi. Xususan, internet orqali bepul videokurslarni joriy etish, shuningdek, ishlayotgan fuqarolarga “kasbiy vaucherlar”dan foydalangan holda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish imkoniyatini berish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari malakali kadrlar tayyorlash mamlakatimizda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omillaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.