Toshkentda Shota Rustaveli va Bobur ko‘chalari chorrahasida bir necha kunga transport harakati to‘xtatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Cheklov Shota Rustaveli ko‘chasida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan quyidagi uchastkalar yopiladi:
- 25 iyul soat 22:00 dan 26 iyul soat 06:00 gacha Bobur ko‘chasining Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishmasidan Nukus ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan bir tomonlama qismi yopiladi (faqat o‘ngga burilishga ruxsat beriladi);
- 25-iyul soat 22:00 dan 28-iyul soat 03:00 gacha Bobur ko‘chasida harakatlanishda to‘g‘riga va chapga harakatlanish taqiqlanadi (faqat o‘ngga burilishga ruxsat beriladi);
- 25-iyul soat 22:00 dan 28-iyul soat 03:00 gacha Shota Rustaveli ko‘chasida harakatlanishda chapga burilish taqiqlanadi (o‘ngga burilish va to‘g‘riga harakatlanishga ruxsat beriladi).
Chorraha uchastkalarida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari dam olish kunlari, transport yuklamasi ancha past bo‘lganida, aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun noqulayliklarni kamaytirishga imkon beradigan vaqtda maxsus amalga oshiriladi. Poytaxt aholisi va mehmonlaridan keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ralib, yo‘nalishlardagi o‘zgarishlarni inobatga olish so‘raldi.