Ijtimoiy tarmoqlarda “Katta Farg‘ona” kanalidagi suv yuzasida yirik ko‘pik aks etgan lavhalar paydo bo‘ldi. Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi holatga oydinlik kiritish maqsadida mutaxassislarni voqea joyiga yubordi.
Ma’lum bo‘lishicha, 26-iyul kuni soat 09:00 atrofida suv yuzasida ko‘pik paydo bo‘lgan. Tezkor tahlil uchun suv namunasi olindi. Hojiobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlari ekologiya inspektorlari tomonidan kanal bo‘yida nazorat tadbirlari tashkil etildi.
Tadqiqot davomida suv yuzasidagi ko‘pik inson, tabiat, jumladan, kanal atrofidagi suv jonivorlari va o‘simliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatmagani tasdiqlandi. Prokuratura ham ishni nazoratga olgan, ishchi guruh tuzilgan. Hozirda surishtiruv va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zgidrometning ma’lum qilishicha, Ekologiya qo‘mitasi xodimlari suvning fizik-kimyoviy tarkibi o‘zgarganini aniqlagan. Sababi fabrika matolarni qayta ishlashda ishlatilgan suvni kanalga tashlab yuborgan. Natijada suvning tashqi ko‘rinishi va tarkibi o‘zgargan. Suvda nitrit va nitrat tuzlari, ishqor va bo‘yoqlar borligi aniqlandi. Muammo Ekologiya qo‘mitasining mas’ul xodimlari tomonidan bartaraf etildi.