26-iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi “Mo‘ynoq” gaz konida gaz chiqishi qayd etildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Hodisa 5000 m chuqurlikka mo‘ljallangan birinchi qidiruv qudug‘ini burg‘ilash paytida sodir bo‘lgan. Gaz 4707 m chuqurlikdan ajralib chiqa boshladi.

“Quduqda gaz bosimi kutilganidan yuqori bo‘lgani sababli barcha xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda uni bartaraf etish va bosimni pasaytirish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Voqea joyida “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi raisi boshchiligida Neft va gaz favvoralari oldini olish va bartaraf etish markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ va mahalliy hokimlik mutaxassislari ish olib bormoqda.

Eng muhimi, quduq aholi punktlaridan uzoqda joylashgan bo‘lib, undan chiqayotgan gaz tarkibida vodorod sulfid bo‘lmagan toza metan gazi hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, Ustyurt mintaqasidagi barcha konlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt mavjud emas.

Joylarda ishlayotgan mutaxassislarning sog‘lig‘iga, atrof-muhit va hayvonot dunyosiga zarar yetmasligi uchun gaz yoqiladi. Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.

“Aholidan xotirjamlikni saqlab, vahimaga berilmaslikni so‘raymiz. Qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.