Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov aholi va soha xodimlarini tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

Vazirlik rahbari korrupsiya davlat va jamiyat uchun jiddiy tahdid ekanligini ta’kidladi.

“Shu bois mamlakatimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi qat’iy va murosasiz kurashish, byurokratik to‘siqlar va inson omili bilan bog‘liq omillarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, — dedi u.

Vazir korrupsiyaga qarshi kurashdagi asosiy qadamlarni quyidagilar deb atadi:

  • elektron modullarni o‘z ichiga olgan Yagona tibbiy axborot tizimini (DMED) joriy etish;
  • korrupsiya va mablag‘lardan maqsadsiz foydalanish xavfini monitoring qilish va oldini olish bo‘yicha “Vaziyat markazi”ni tashkil etish;
  • Buxoro viloyatida tajriba-sinov tariqasida tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishning raqamli mexanizmini ishga tushirish;
  • sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari va buxgalterlarini zamonaviy menejment va moliyaviy savodxonlikka o‘qitish.

“Albatta, bu hali yetarli emas. Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qo‘yilgan hali yechimini kutayotgan muammo va vazifalar ko‘p. Ularni to‘laqonli hal etish uchun barcha fuqarolarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashishda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish eng muhim shart, deb hisoblaymiz”, — dedi vazir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining e’tirof etishicha, qator tibbiyot muassasalarida tovlamachilik, byurokratiya va manfaatlar to‘qnashuvi kabi salbiy holatlar hanuzgacha saqlanib qolmoqda, bu esa fuqarolarning ishonchiga putur yetkazmoqda va islohotlar samaradorligini pasaytirmoqda.

Asilbek Xudayarov korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga duch kelgan fuqarolarni Sog‘liqni saqlash vazirligining 1203 raqamiga ssvantikor_bot Telegram-boti yoki info@ssv.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishga chaqirdi.

“Biz uchun nafaqat korrupsiyaga oid xabarlar, balki sohani takomillashtirish bo‘yicha sizlarning g‘oya va takliflaringiz ham muhim. Har bir murojaat qisqa muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqiladi va ular bo‘yicha zarur amaliy choralar ko‘riladi”, — deya ishontirdi Xudoyorov.

Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov pora olayotgan pedagoglarni keskin qoralab, idora korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash tarafdori ekanini eslatgandi.