O‘zgidromet sinoptiklari 2025-yil avgust oyidagi ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi quruq va o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning katta qismida harorat asosan kunduz kunlari 34-37 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda 40-41 darajagacha bo‘ladi. Bunday harorat yoz uchun juda qulay bo‘lib, avgust oyining o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlariga yaqin.

Kechasi asosiy harorat 18-23° atrofida bo‘ladi. Uchinchi o‘n kunlikda haroratning asta-sekin pasayishi kutilmoqda: kechalari 13-18 darajagacha, kunduzi 30-35 darajagacha, janubiy hududlarda esa 36-38 darajagacha tushishi mumkin.

Avgust oyi asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda. Respublika hududining katta qismida bir oy davomida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli kam.

Eslatib o‘tamiz, joriy haftada o‘rtacha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, mamlakatga biroz nam havo massasi kirib kelishi boshlandi.