Tailand va Kambodja rasmiylari zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim xabar bermoqda.

Ikki davlat zudlik bilan va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Ibrohimning ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi mahalliy vaqt bilan 29-iyul kuni soat 00:00 da (Toshkent vaqti bilan 28-iyul kuni soat 21:00 da) kuchga kiradi.

Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarosining avj olishi 24-iyul kuni ertalab qurolli bosqichga o‘tdi. Chegara hududidagi otishmalardan so‘ng tomonlar artilleriya zarbalari bilan almashgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bir necha kishi halok bo‘lgan Tailand va Kambodja o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvga munosabat bildirdi. Jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q, Tailanddagi vatandoshlardan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslik so‘ralgan. Respublika har ikki davlatni nizolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.