Toshkentda “Texnopark—Yangiobod” yerusti liniyasining oltita bekatidan iborat qismida metro poyezdlari harakati to‘xtatiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, “Texnopark” bekatidan “Qipchoq” bekatigacha bo‘lgan yer usti halqa yo‘lining 14 ta bekati va ular orasidagi peregonlar bir necha yildan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“Jahon tajribasidan kelib chiqib, metro poyezdlari va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash hamda ularga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida yer usti estakadalari va bekatlarida ma’lum muddatdan so‘ng rejali profilaktika ishlarini amalga oshirish lozim”, — deyiladi xabarda.
Rejali profilaktika ishlarini amalga oshirish uchun 2025-yil 2-avgustdan boshlab 6 ta “Texnopark—Yangiobod” bekatidan iborat metro yo‘nalishida poyezdlar harakati to‘xtatiladi.
Yo‘lovchilarga noqulayliklarni kamaytirish maqsadida “Texnopark—Qipchoq—Texnopark” metro bekatlari oralig‘ida katta sig‘imli avtobuslar (metrobuslar) ning bepul harakati tashkil etiladi. Ushbu avtobuslarning ish vaqti ertalab soat 05:00 dan kechki 23:00 gacha.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi “Paxtakor” bekatida ona va bola xonalari hamda hojatxona ochilgandi. Yana 6 ta metro bekatida ona va bola xonalari, hojatxonalar qurilishi rejalashtirilgan.