Toshkent shahrida qurilish me’yorlari buzilgani sababli 59 ta obyektda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda ayrim quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilikni buzish holatlari ko‘plab aniqlanmoqda. Ularning ayrimlari tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertizalar va texnik xulosalarsiz qurilishni boshlagan, shuningdek, uy-joylarni fuqarolarga noqonuniy sotishga uringan.

Oqibatda bunday xatti-harakatlar ayrim yurtdoshlarimizning nopok kompaniyalarga ishonib, o‘z jamg‘armalaridan ayrilishi va uy-joysiz qolishiga olib kelmoqda.

Toshkent shahar hokimligi mutasaddi tuzilmalar bilan birgalikda bu borada prinsipial va qat’iy pozitsiyada turibdi. Poytaxtning bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta obyektda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatilgan, obyektlar elektr ta’minotidan uzilgan.

Ta’kidlanishicha, qurilish maydonlarida nazorat va monitoring ishlari davom ettirilib, har bir qonunbuzilish holati yuzasidan qonuniy choralar ko‘riladi.

Shuningdek, hokimlik uy-joy sotib olishni rejalashtirayotgan fuqarolarga bir qator tavsiyalar berdi:

  • sotib olinayotgan ko‘chmas mulkka doir barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertiza va kengashlarning xulosalari, texnik ko‘rik dalolatnomasi) talab qilish va sinchiklab tekshirish;
  • sotuvchilarga naqd pul yoki norasmiy yo‘llar bilan pul bermaslik, shartnomaning barcha bandlarini diqqat bilan o‘rganish;
  • Agar quruvchi yoki obyektning qonuniyligiga ozgina shubha tug‘ilsa, shuningdek, kompaniya hujjatlarni taqdim etishni kechiktirsa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy botiga murojaat qiling, u yerda obyektning qonuniy maqomi to‘g‘risida ma’lumot beriladi.

Qurilish yoki savdo faoliyatini boshlashdan oldin, barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtiring. Toshkent shahar hokimligi qurilish talablarining har qanday buzilishi va fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazuvchi xatti-harakatlarga nisbatan qat’iy va murosasiz munosabatda bo‘ladi.