Andijon viloyatida xususiy uylardan biridagi avtoservisda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda prokuratura axborot xizmati xabar bermoqda.
Hodisa Asaka tumani “Ne’matobod” mahallasidagi xususiy uylardan birida joylashgan avtoservisda sodir bo‘lgan. Ishchining ehtiyotsizligi tufayli yong‘in chiqdi, natijada u voqea joyida halok bo‘ldi. Yana bir kishi og‘ir tan jarohati olgan.
Viloyat FVBning ma’lum qilishicha, yong‘inni o‘chirishga qariyb yarim soat vaqt ketgan. Yong‘in natijasida uyning 70 kv.m tom qismi yonib ketgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari Ko‘kdala tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan portlash va yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oila a’zolariga pul kompensatsiyasi to‘lash bo‘yicha topshiriq bergandi. Jabrlanganlar to‘liq sog‘aygunga qadar bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi.