Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Buloqboshi tumani kanalida neft sezilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ekologiya boshqarmasida holat tekshirildi.
Aniqlanishicha, “SANOAT ENERGETIKA GURUHI” MCHJ korxonasi hududida neftni qayta ishlash jarayonida avariya sodir bo‘lgan. Ayni paytda muammo butunlay bartaraf etilgan. MCHJga nisbatan uning faoliyatini tekshirish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori va hodisa uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan ko‘rilgan choralar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Katta Farg‘ona” kanalining bir qismi mahalliy fabrikada ishlab chiqarilgan kimyoviy moddalar oqib ketishi oqibatida ko‘piklanib qolgandi. Prokuratura ishni nazoratga olgan.