O‘zbekistonda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimlari takomillashtirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida aytiladi.

O‘zgartirishlarga muvofiq, har bir uyni ta’mirlash uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan BHMning 50 baravarigacha (2 060 mln so‘m) mablag‘ ajratiladi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlarga “Ayollar daftari” jamg‘armasidan uy-joy ijarasi to‘lovining 50 foizi, biroq BHMning 2 baravaridan (824 ming so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda, Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida esa BHMning 3 baravarigacha (1,236 mln so‘m) miqdorda qoplab beriladi.

Shuningdek, xotin-qizlar bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun grant pasporti tasdiqlandi. BHMning 60 baravarigacha (24,720 mln so‘m) miqdordagi ijtimoiy yordam “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovi g‘olibi deb topilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Loyihalar kamida 3 nafar xotin-qiz, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalari bandligini ta’minlashi kerak. Joriy yil 15-avgustga qadar “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ijtimoiy himoya yagona milliy tizimi” axborot tizimi orqali vaucher asosida yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Mazkur tizim Toshkent shahri va Andijon viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.