29-iyul kuni Toshkentning Yashnobod tumani aholisining bir qismi avariya tufayli elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uzilish Qodiriy podstansiyasidagi avariya natijasida yuzaga kelgan. Hozirda texnik brigada nosozlikni joyida bartaraf etmoqda.

Quyidagi ko‘chalarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chirildi:

  • Obisher ko‘chasi;
  • Muxtor Ashrafiy ko‘chasi;
  • Farg‘ona shossesi, 15, 23, 25-uylar
  • Olot ko‘chasi;
  • Zarkent ko‘chasi;
  • Boku ko‘chasi, Marv ko‘chasi, S. Sanjar ko‘chasi;
  • Murg‘ob ko‘chasi, Boysun ko‘chasi;
  • Qashqadaryo ko‘chasi.

“Tiklash ishlari olib borilmoqda. Elektr energiyasi ta’minoti qisqa muddatlarda tiklanadi. Vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz!” — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda prezident yig‘ilish o‘tkazib, unda kuz va qishga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilgandi. Mutasaddilarga infratuzilmani izchil yangilab, barqaror elektr ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.