Shavkat Mirziyoyevga madaniyat sohasida boshqaruv tizimini isloh qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish va kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyihalarda madaniyat markazlari faoliyatiga zamonaviy mexanizmlarni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, ijodiy g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun startaplarni ishga tushirish, milliy o‘zlikni anglash va yoshlarda vatanparvarlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan mahalliy tarixiy va animatsion loyihalarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdimotda prezidentga bir qator tashabbuslar bildirildi. Xususan, Botir Zokirov nomidagi xalqaro estrada san’ati tanlovini tashkil etish. Uning nomidagi Milliy estrada san’ati institutining eng yaxshi bitiruvchilari chet elda magistraturada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, B.Zokirov nomidagi stipendiya ta’sis etiladi.
Andijon viloyatida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi ochiladi. Ilmiy-ijodiy laboratoriya, ovoz yozish studiyasi, har yili milliy qo‘shiq bo‘yicha televizion tanlov tashkil etish rejalashtirilgan.
Simfonik va folklor san’atini rivojlantirish maqsadida hududlarda professional orkestrlarni bosqichma-bosqich tashkil etishga qaror qilindi. Xususan, Farg‘onada to‘liq texnik jihozlangan simfonik va xalq cholg‘ulari orkestri paydo bo‘ladi.
Toshkentda Britaniya Qirollik jamg‘armasi ko‘magida amaliy san’at bo‘yicha akademik platforma yaratilmoqda. U 3 mingdan ziyod hunarmandlarni birlashtirib, to‘laqonli maktabga asos bo‘ladi.
Nukusda “Istiqlol” bog‘i ijodiy klasterga aylantirilib, hunarmandlar va dizaynerlar uchun an’analar va innovatsiyalarni uyg‘unlashtirgan Orol maktabi ochiladi.
Shuningdek, joriy yilning kuzida Buxoroda ilk bor 40 ta davlatdan 70 nafar rassom ishtirokida zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi. Taqdimotda kreativ iqtisodiyotga katta e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda kreativ sohada 14 mingta korxona faoliyat yuritib, ularda 100 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish va besh yilda uning hajmini 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Prezident mutasaddilarga barcha tashabbus va chora-tadbirlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Qirg‘iziston xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangandi.