Qirg‘izistonda hukumat xalqaro internet-trafik xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha vaqtinchalik davlat monopoliyasini joriy etadi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Prezident farmonida aytilishicha, 2025 yil 15 avgustdan 2026 yil 14 avgustgacha xalqaro internet-trafikni yetkazib berish va taqdim etishda vaqtinchalik 100 foiz davlat monopoliyasini o‘rnatish bo‘yicha sinov rejimi joriy etiladi.
“ElKat” kompaniyasi Qirg‘iziston ichida xalqaro internet-trafikni yetkazib berish va uzatish, shuningdek, mamlakat orqali xalqaro ma’lumotlar tranziti uchun eksklyuziv huquqqa ega bo‘ladi.
Xalqaro trafik bilan ishlaydigan aloqa operatorlari va internet-provayderlar ikki oy muddatda o‘z shartnoma va kelishuvlarini “ElKat” bilan hamkorlikka o‘tkazishi kerak. Mamlakat hukumati “ElKat”ga “Aknet” kompaniyasining imkoniyatlarini kuchaytirish uchun 100 foiz aksiyalarini beradi.
Chora raqamli va telekommunikatsiya infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirish, trafikni tartibga solish va aloqa sifatini yaxshilashga qaratilgan.