O‘zbekistonga mahsulotlarni jahon bozoriga eksport qilish uchun Shri-Lanka portlaridan foydalanish taklif qilindi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Elchi Alisher To‘xtayev Shri-Lanka savdo, tijorat, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperativ rivojlanish vaziri Vasanta Samarasingxe bilan uchrashdi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Vazir Shri-Lanka O‘zbekiston bilan iqtisodiy diplomatiya sohasida ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida yaqin hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish, jumladan, biznes-forumlar o‘tkazish, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash, qo‘shma ishchi guruh va hukumatlararo komissiya tuzish bo‘yicha tashabbus va takliflar muhokama qilindi.

Vasanta Samarasingxe tomonlar barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va kooperatsiyani rivojlantirish sohasida tajriba almashishi, texnik maslahatlashuvlar, o‘quv dasturlari va ekspert tashriflarini tashkil etishi foydali bo‘lishini ta’kidladi.

Vazir o‘zbek mahsulotlarini jahon bozoriga eksport qilish uchun Shri-Lanka portlaridan foydalanishni taklif qildi va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi.