Yevrokomissiya Xitoyning Temu internet-bozorini Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi Yevropa qonunini buzganlikda aybladi. Bu haqda Euronews yozmoqda.
Bayonotda aytilishicha, Temu o‘z platformasida noqonuniy mahsulotlar sotilishining oldini yetarli darajada samarali ololmayapti. Dalillar shuni ko‘rsatdiki, Yevropa Ittifoqidagi iste’molchilar platformada noqonuniy mahsulotlarga duch kelish xavfi yuqori.
DSA doirasida Temu “juda yirik onlayn platforma” sifatida tasniflanadi, chunki undan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida taxminan 94 million kishi foydalanadi. Agar ayblovlar tasdiqlansa, marketpleys global yillik aylanmasining 6 foizigacha jarimaga tortilishi mumkin.
2024-yil oktyabr oyida Temuga nisbatan jarima solish jarayoni boshlangan. O‘shanda Yevrokomissiya kompaniya sayti dizayni qonun talablariga qanchalik mos kelishini tekshirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, platformaning tuzilishi foydalanuvchilarni ataylab impulsiv xaridlarga undaydi va qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Temu Yevropa regulyatorlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi va uning maqsadi “iste’molchilar uchun xavfsiz va ishonchli bozor” yaratish ekanligini aytdi.
Avvalroq Temu O‘zbekistonga qaytish uchun 46 milliard soliq qarzini to‘lashi ma’lum qilingandi. Ko‘rsatilgan summani Soliq qo‘mitasi hali tekshirmagan, u dastlabki edi.